Ovozli tinglash

General Motors kompaniyasi elektromobillar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqaruvchi zavoddagi ulushini LG Energy Solutions kompaniyasiga sotishini e’lon qildi.

Michigan shtatining Lansing shahridagi deyarli tugallangan zavod General Motors va Janubiy Koreyaning LG qo‘shma korxonasi Ultium Cells LLC tomonidan qurilgan. Endi LG zavodning yagona egasi bo‘ladi va zavod qurilishini yakunlaydi. General Motorsning ta’kidlashicha, sotuv zavod qurilishiga kiritgan 1 milliard dollarlik sarmoyasini qoplashga imkon berdi.

GM va LG allaqachon Ogayo shtati Uorren va Tennessi shtati Spring-Xill zavodlarida Cadillac Lyriq va Chevrolet Equinox elektromobillari uchun batareyalar ishlab chiqmoqda. Bundan tashqari, General Motors kompaniyasi Samsung SDI bilan birgalikda Indiana shtatining Nyukasl shahrida akkumulyatorlar ishlab chiqaruvchi zavodga egalik qiladi. Bugungi e’lon tufayli AQShda GM akkumulyatorlari ishlab chiqaradigan zavodlar soni uchtagacha qisqaradi.

GM moliyaviy direktori Pol Jeykobson shunday dedi: "Biz elektromobillar bozori bilan birgalikda samarali o‘sish uchun zarur akkumulyator va ishlab chiqarish imkoniyatlarimiz bor deb hisoblaymiz. Ushbu kelishuv yakunlangach, u LG Energy Solutions’ga elektromobillar bozori ehtiyojlarini qondirishga ham yordam beradi."