Dubayda Dubai Loop yuqori tezlikdagi yer osti transport tarmog‘i paydo bo‘ladi. Bu haqda Ilon Maskning The Boring Company kompaniyasi va Dubay yo‘llar va transport boshqarmasi (RTA) o‘rtasida dastlabki kelishuv imzolanganidan so‘ng ma’lum bo‘ldi. Loyihada eng serqatnov hududlarni bog‘laydigan 17 kilometrlik yerosti transport tizimini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Dubai Loop haqidagi birinchi ma’lumot Birlashgan Arab Amirliklarining sun’iy intellekt vaziri Umar Al Olamadan Jahon hukumati sammitida Ilon Mask bilan video-intervyuda yangradi. Biroq loyiha tafsilotlari keyinroq ma’lum bo‘ldi.
Memorandumga ko‘ra, dastlabki bosqichda 11 ta stansiya quriladi. Yo‘lovchilar tunnellar bo‘ylab elektromobillarda soatiga 160 kilometr tezlikda harakatlanadi. Ushbu loyiha ko‘p jihatdan Las-Vegasdagi allaqachon mavjud bo‘lgan Vegas Loop tizimiga o‘xshaydi, u yerda 2021-yildan beri konferensiya markazi atrofida beshta stansiya faoliyat yuritmoqda. Kelajakda Vegas Loop tarmog‘ini 100 dan ortiq stansiyalargacha kengaytirish rejalashtirilgan.
Dubay hukumati media-ofisining xabar berishicha, dastlab Dubai Loop soatiga 20 mingdan ortiq yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kelajakda tizimning o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 100 ming kishiga yetishi mumkin.
Bunday transport tizimini yaratish g‘oyasi Ilon Mask uchun yangilik emas. O‘n yildan ko‘proq vaqt oldin u Hyperloop tizimi kontseptsiyasini taqdim etdi.
Dubai Loop loyihasini amalga oshirishning aniq muddatlari hozircha e’lon qilinmagan. Biroq, ushbu transport tizimi Dubay yo‘llarining tirbandligi muammosini hal qilishda va dunyoning eng jadal rivojlanayotgan megapolislaridan birida harakatlanishni yaxshilashda asosiy element bo‘lishi mumkin.