Google korporatsiyasi o‘zining qidiruv tizimiga Gemini 2.0 sun’iy intellekt modelini integratsiya qilgan holda keng ko‘lamli yangilanishni e’lon qildi. Kompaniya bayonotiga ko‘ra, yangi texnologiya murakkab savollarga, jumladan, dasturlash va matematikaga oid masalalarga javob berish, foydalanuvchilarga "tezkor ekspertiza" taqdim etish imkonini beradi.
Gemini 2.0 tomonidan yaratilgan sun’iy intellekt sharhlari an’anaviy veb-sahifa havolalari ustida joylashtiriladi - bu yechim 2023-yil may oyida joriy etilgan.
Shu bilan birga, kompaniya qidiruv tizimi interfeysida uning butun tarixidagi eng muhim o‘zgarishlardan birini - "AI rejimi"ni bosqichma-bosqich ishga tushirishni tayyorlamoqda. Bu rejimda tizim ko‘proq kengaytirilgan javoblarni yaratadi va "so‘zlashuvchan" bo‘ladi. Biroq, Google ogohlantirishicha, bu "gallyutsinatsiyalar" - sun’iy intellekt noto‘g‘ri ma’lumot beradigan holatlar xavfini oshiradi.
"Boshlang‘ich bosqichdagi har qanday sun’iy intellekt mahsuloti bilan bo‘lgani kabi, biz har doim ham mukammal bo‘la olmaymiz," - dedi mahsulot bo‘yicha vitse-prezident Robbi Shtayn o‘z blogida. Shuningdek, u SI javoblari tasodifan "shaxsni taqlid qilishi yoki ma’lum bir fikrni aks ettirishi" mumkinligini tan oldi. Tibbiyot va moliya kabi sohalarda xatolarni minimallashtirish uchun "kuchaytirilgan cheklovlar" joriy etildi.
"AI rejimi" dastlab faqat Labs bo‘limida tajribaviy funksiya sifatida ishlaydi va unga faqat Google One AI Premium obunachilari kira oladi (tarifi oyiga 20$). Kompaniya tizimni takomillashtirish uchun sinovdan o‘tkazish zarurligini ta’kidlamoqda, ammo tahlilchilar kelajakda texnologiya ommaviy bo‘lishini kutishmoqda - bu raqobatchilarning chaqiriqlariga javobdir.
Yangiliklar noshirlarning xavotirlarini kuchaytirmoqda: ularning fikricha, sun’iy intellekt sharhlari havolalarga o‘tishni kamaytiradi, saytlarni trafik va reklama daromadlaridan mahrum qiladi. "Google"ning ta’kidlashicha, sharhlar, aksincha, "foydalanuvchilarning qiziqishini uyg‘otadi," ularni ko‘proq savol berishga undaydi va natijada uchinchi tomon resurslariga faolroq kirishga undaydi. Biroq noshirlar bunga shubha bilan qaramoqda: ularning fikricha, reklamadan yillik daromadi 260 mlrd dollardan oshadigan korporatsiyaning o‘zi asosiy benefitsiar bo‘lib qoladi.
AIdan foydalanishning kengayishi Googlega nisbatan monopoliyaga qarshi da’volarni kuchaytirishi mumkin. 2023-yilda AQSH federal sudi qidiruv tizimini noqonuniy monopoliya deb topdi, 2020-yilda da’vo qo‘zg‘atgan Adliya vazirligi esa endi kompaniyani bo‘lishni, shu jumladan Chrome brauzerini sotishni talab qilmoqda. Sun’iy intellektdan foydalanish alohida band bo‘lishi mumkin bo‘lgan ish bo‘yicha tinglovlar Vashingtonda keyingi oyda boshlanadi.