Abu-Dabi sudi Binance kripto birjasining arizasiga köra oktyabr oyida sodir bölgan 6,5 mlrd dollarlik öğirlikdan tuşgan mablağlarni butun dunyo böyiça muzlatiş haqida buyruq çiqardi. CoinDesk Reuters agentligiga tayanib xabar berişiça, bu qaror xakerlarning uşbu mablağlardan foydalanişiga yöl qöymaslik uçun qabul qilingan.
Sud hujjatlariga köra, buyruq stablekoin emitenti Circle va kripto kastodian BitGo kabi kompaniyalarga öğirlangan aktivlarni harakatlantirişni taqiqlaydi. 6,5 mlrd dollar gumon qilinayotgan hujumçilar ötkaza olmaydigan mablağning yuqori çegarasi hisoblanadi. Alohida buyruq esa 18 ta kompaniyadan muayyan aktivlarni muzlatilgan holda saqlab turişni talab qiladi. Sud 1-dekabr kuni bu firmalar allaqaçon muzlatgan aktivlarni topşirişi kerakmi-yöqmi, degan masalani körib çiqadi. Hujjatlarda kompaniyalar biror qonunbuzarlikda ayblanmaydi: Binance blogiga köra, ayrim emitentlar va birjalar tokenlarni da’vogarga qaytarişdan oldin sudya ruxsatini olişni istaydi.

AQŞ Federal qidiruv byurosi (FBI) hujumçilarni Şimoliy Koreyaning TraderTraitor guruhi deb aniqlagan. Uçinçi tomonlar öğirlangan mablağlarning taxminan 2,85 mlrd dollarini muzlatgan yoki uşlab qolgan. Tether 1,56 mlrd dollardan ortiq USDT muzlatganini ma’lum qildi. Kompaniya 18 ta firma haqidagi buyruqqa kirmaydi va Binance bilan bevosita işlamoqda. Tether muzlatilgan USDT’ni yöq qilib, örniga yangilarini çiqara oladi, ammo BTC va ETH uçun bunday mexanizm mavjud emas.
17-noyabr kuni tergovçilar öğirlik bilan boğliq hamyondan ikki haftadan ortiq harakatsizlikdan söng qariyb 63 mln dollarlik ether uçta yangi manzilga ötkazilganini aniqlagan. AQŞ Adliya vazirligi esa noyabr boşida 1,2 mlrd dollardan ortiq mablağni musodara qiliş yoki çeklaş uçun sud ruxsatini olganini ma’lum qilgan.

Binance öğirlangan aktivlarni öz mablağlari va suğurta zaxiralari hisobidan allaqaçon qoplaganini, buning uçun 6,34 mlrd dollardan ortiq ajratganini aytdi. Birja foydalanuvçilar uçun favqulodda fond, fyuçers suğurta fondining ortiqça zaxiralari va korporativ ğaznadan foydalangan hamda bu fondni taxminan 1 mlrd dollargaça tiklaşga va’da bergan. Biroq Binance hozirgaça qança mablağni qaytarib olganini oşkor qilmagan. Nordic Law kompaniyasining boşqaruvçi hamkori Maks Atalla oktyabr oyida CoinDesk’ka aytganidek, muzlatişning özi aktivlarga kim haqli ekanini belgilamaydi.